Dunyo, yangiliklar: Qirgʻinbarotga 15 yil toʻldi va prezident nega uzr soʻradi?

Сурат манбаси, Yelena Afonina/TASS via Getty Images
Maktabdagi qirgʼinbarot
2004-yil 1-sentyabr tongida Shimoliy Osetiyaning Beslan shahrida joylashgan maktab terrorchilar tomonidan egallab olingan edi.
32 nafar qurollangan shaxs 1,128 bola va kattalarni uch kunga yaqin vaqt davomida asirda ushlab turadilar.
Ushbu uch kun asirlar uchun ochlik, tashnalik va qoʻrquv azobi ichra oʻtadi.
Hukumat terrorchilar bilan muzokara olib borishdan bosh tortadi.
Uchinchi kuni tushda boshlanib ketgan betartib otishma chogʻida 334 inson, jumladan, 186 bola halok boʻladi.
Terrorchilarning omon qolgan vakili umrbod qamoqqa tashlanadi.
Inson huquqlari boʻyicha Yevropa sudi kelgan xulosaga koʻra, Rossiya hukumati oʻzining odamlar hayotiga nisbatan solinayotgan tahdidning oldini olish majburiyatini bajara olmagan va terrorchilarga qarshi hujumni rejalashtirishda asirlar yuzlashgan xatarni kamaytirishga u qadar eʼtibor bermagan.
2017-yil aprel oyida Yevropa sudi Rossiya hukumatiga terrorchilik harakati qurbonlarining 409 nafar yaqinlari va qarindoshlariga, umumiy hisobda, 3 million yevro tovon toʻlash majburiyatini yuklagan.
Dorian - eng dahshatli boʻron

Сурат манбаси, Reuters
Karib havzasidagi Bagama orollari oʻz tarixidagi eng qudratli boʻron - Dorian bilan yuzlashmoqda. Beshinchi kategoriya (eng yuqori)ga mansub ushbu boʻronning tezligi soatiga 285 kilometrga tengligi xabar qilinmoqda.
Rasmiylar ayrim joylarda boʻron keltirib chiqargan toʻlqinlar balandligi 7 metrga qadar yetishidan ogohlantirmoqda.
Shuningdek, AQShning Florida, Jorjiya va Janubiy Karolina shtatlarida ham favqulodda holat eʼlon qilingan.
Bagama yashovchilari kuchli shamol uylarning tomini uchirib ketayotgani va toshqinlar ayrim uylargacha kirib kelgani tasvirlangan videolarni internetga yuklagan.
Boʻronlar kuchi Saffir-Simpson shkalasi boʻyicha oʻlchanib, ular birinchi kategoriyadan beshinchi kategoriya qadar tasniflanadi.
Tezligi soatiga 252 kilometrdan oʻtgan boʻronlar beshinchi kategoriya oʻlaroq tan olinadi. Oʻtgan uch yil davomida toʻrtta ana shunday qudratga ega boʻronlar qayd etilgan.
Hizbulloh Isroilga hujum qildi

Сурат манбаси, Reuters
Livanda joylashgan shia musulmonlarining qurolli guruhi hisoblanmish Hizbulloh Isroil shimolini bir necha tankka qarshi raketalar bilan oʻqqa tutdi.
Guruh buning oʻtgan hafta Isroil dronlari Livan poytaxti Bayrutda amalga oshirgan hujumlarga nisbatan olingan oʻch, deya atamoqda.
Isroil armiyasi bir harbiy baza va transport vositalari oʻqqa tutilganini tasdiqlagan.
Isroil Hizbulloh hujumiga javoban Livanning janubidagi ayrim hududlarni nishonga olgan.
Hizbulloh va Isroil oʻrtasidagi toʻqnashuvlar soʻnggi yillarda sezilarli kuchaygan.
2006-yili ikki oʻrtada bir oy davom etgan ziddiyatda mingdan ziyod tinch aholi, asosan, livanliklar halok boʻlgan edi.
Germaniya prezidenti polyaklardan kechirim soʻradi

Сурат манбаси, Reuters
Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer Polshaning Velyun shahrida soʻzga chiqib, natsistlar yovuzligi uchun polyaklardan uzr soʻradi.
Bundan 80 yil muqaddam - 1939-yilning 1-sentyabr kuni Gitler Germaniyasi ayni shu shaharga hujum qilgan va, oqibatda, Ikkinchi Jahon Urushi boshlanib ketgan edi.
"Men Germaniya zulmi qurboniga aylangan polyaklar oldida bosh egaman va ulardan uzr soʻrayman," degan janob Shtaynmayer ham nemis, ham polyak tilida soʻzlab.
6 million polyaklar Ikkinchi Jahon Urushi davomida oʻz umridan ajralgan.
Polsha hozirga qadar yetkazilgan azob-uqubat va vayronagarchilik evaziga Germaniyadan tovon talab qilib keladi.
Biroq Germaniya bu mavzu muhokama qilinmasligini taʼkidlaydi.
BBCUZBEK.COM bilan Telegram orqali +44 7858860002 nomeri bilan bogʻlaning.
Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek



























