Ukraina: Rossiya yana energiya tizimini ura boshladi – Kiev va Xarkovda harorat -20°C

Surat manbasi, Getty Images
- Author, Bi-bi-si yangiliklar bo‘limi
- O'qilish vaqti: 6 daq
Rossiya harbiylari Ukrainadagi energetika infratuzilmasiga katta zarbalarni qayta boshladi. 3 fevral kechasi Kiev, Xarkov, Dnepr, Vinnitsa, Odessa va boshqa shaharlarga hujum qilindi. Rasmiylarning so‘zlariga ko‘ra, Xarkovda 100 mingdan ortiq odam, Kievdagi 1000 dan ortiq uy issiqliksiz qoldi. Uch tomonlama muzokaralar 4 fevral kuni Abu-Dabida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
"Yana bir bor, energetika infratuzilmasiga qarshi aniq nishonga olingan zarba berildi: ruslar boshqa raketalar bilan birgalikda ko‘p sonli ballistik raketalardan - 70 dan ortiq - va 450 ta hujum dronlaridan foydalanishdi", dedi Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy tungi hujum haqida.
"Rossiya uchun qishning eng sovuq kunlaridan foydalanib odamlarni qo‘rqitish diplomatiyadan muhimroq", deb qo‘shimcha qildi Ukraina prezidenti.
1 fevral kuni urush boshlanganidan beri birinchi uch tomonlama muzokaralarning ikkinchi bosqichi Abu-Dabida Rossiya, Ukraina va Qo‘shma Shtatlar delegatsiyalari ishtirokida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan edi. Shu sanagacha, AQSh prezidenti Donald Trampning iltimosiga binoan, Ukraina energetika infratuzilmasiga zarbalar to‘xtatildi.
Nishonlar harbiylar emas. Faqat tinch aholi: yuz minglab oilalar, jumladan, bolalar, eng qahraton qish haroratida, -25°C da ataylab issiqliksiz qoldirildi!
Muzokaralar 4 fevralga qoldirildi. Zelenskiy ilgari qisqa muddatli moratoriy davomida energetika infratuzilmasiga hech qanday maqsadli zarbalar bo‘lmaganini tasdiqlagan edi. Biroq, bir kun oldin, energetika sohasidagi sulh hali ham amal qiladimi degan savolga Kreml vakili Dmitriy Peskov: "Biz aynan 1 fevral haqida gaplashganmiz", deb javob berdi.
Rossiya Ukraina energetika sektoriga qilingan yangi yirik hujum haqida hali izoh bermadi.
"Yuz minglab oilalar issiqliksiz qoldi"
Bosh vazir o‘rinbosari Aleksey Kuleba Kiev, Kiev viloyati, Xarkov, Odessa, Dnepropetrovsk, Sumi, Vinnitsa viloyatlari va boshqa mintaqalardagi energetika infratuzilmasiga Rossiya raketalar va dronlar bilan hujum qilganini xabar qildi.
"Zarbalar bir nechta turdagi ballistik raketalar, qanotli raketalar va dronlar yordamida amalga oshirildi: ko‘p qavatli binolar va Kiev, Xarkov va Dneprdagi tumanlarni faqat isitish uchun ishlaydigan issiqlik elektr stantsiyalari nishonga olindi", dedi Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Denis Shmixal tungi hujum haqida.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Kechasi Kiev va Xarkovda harorat -20 darajadan pastga tushdi.
"Nishonlar harbiylar emas. Faqat tinch aholi: yuz minglab oilalar, jumladan, bolalar, eng qahraton qish haroratida, harorat -25°C bo‘lgan paytda ataylab issiqliksiz qoldirildi!", deb qo‘shimcha qildi Shmihal.
Kievdagi vaziyat
Shmihalning so‘zlariga ko‘ra, Kievdagi 1100 dan ortiq uylar zarbalar natijasida issiqliksiz qoldi.
"Dushmanning poytaxt infratuzilmasiga tun bo‘yi qilgan keng ko‘lamli hujumi natijasida Darnitskiy va Dneprovskiy tumanlari asosan issiqliksiz qolmoqda", dedi Kiev meri Vitaliy Klichko.
"Shahardagi jami 1170 ta ko‘p qavatli binolar hozir issiqliksiz", deb aniqlik kiritdi u Telegramda.
VVS Ukraina xizmati muxbiri xabar berishicha, birinchi zarbalardan so‘ng Kievda elektr va issiqlik uzilib qoldi. Yanvar oyida sodir bo‘lgan yirik hujumlardan so‘ng, Kievning chap qirg‘oq tumanidagi 6000 ga yaqin uy uch marta - 9, 20 va 24 yanvar kunlari isitish tizimidan uzilib qolgandi.
Qutqaruvchilarning so‘zlariga ko‘ra, Kievning beshta tumani zarar ko‘rgan. Uch kishi jarohatlangan.
Kievning Darnitskiy tumanida ko‘p qavatli binoning 26 qavatida yong‘in va qulash sodir bo‘lgan. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, xuddi shu tumandagi xususiy uyning tomiga bino qoldiqlari tushib, 77 yoshli erkak jarohat olgan.
Shevchenkivskiy tumanida yana ikki kishi jarohat olgan, u yerda dron 22 qavatli turar-joy binosiga urilib, yong‘inga sabab bo‘lgan, deb xabar berdi politsiya. Dnepr tumanida dron vayronalari besh qavatli turar-joy binosiga, Desnyanskiy tumanida ma’muriy bino hududiga va Pecherskiy tumanida yoqilg‘i quyish shoxobchasiga tushgan.

Surat manbasi, ГСЧС
Energetika sohasidagi sulh
1 fevral kuni Abu-Dabida bo‘lib o‘tadigan AQSh, Ukraina va Rossiya delegatsiyalarining uch tomonlama uchrashuvi arafasida Moskva Ukrainaning energetika infratuzilmasiga hujumlarni vaqtincha to‘xtatishga kelishib olgandi.
AQSh prezidenti Donald Tramp "energiya sohasidagi sulh"ni talab qilgan va Kreml vakili Dmitriy Peskov energetika sektoriga hujum qilmaslik faqat 1 fevralgacha ekanini tasdiqlagan.
Prezident Vladimir Zelenskiy "energiya sohasidagi sulh" 31 yanvar kechasi boshlanganini aytgan. Dushanba kuni u 1 fevral kuni energetika infratuzilmasiga hech qanday maqsadli zarbalar bo‘lmaganini aytgandi.
Biroq, Rossiya Ukrainaga dron hujumlarini to‘xtatmadi. 1 fevral, yakshanba kuni ruslar Dnepropetrovsk viloyatining Pavlograd tumanida DTEK xizmat avtobusiga dronlardan hujum qilishdi. Kamida 12 kishi halok bo‘ldi. 2 fevral kechasi Rossiya Cherkassiga, jumladan, energetika inshootlariga katta hujum uyushtirdi.
Kreml uch tomonlama muzokaralar 4-5 fevralga qoldirilgani e’lon qilinganidan keyin "energiya sohasidagi sulh"ni uzaytirish niyati borligi haqida hech qanday e’lon qilmadi.
23 yanvar - Ukraina bo‘yicha Rossiya va AQSh muzokaralar: tahlika katta, umid kam (Video)

Surat manbasi, Getty Images
Rossiyaning Ukrainaga 2022 yilgi to‘liq bosqinidan beri birinchi marta Rossiya, Ukraina va AQSh vakillari Abu-Dabida uch tomonlama muzokaralar o‘tkazishi kutilayotgani aytilmoqda. Barcha uch davlatdan yuqori darajadagi rasmiylar qatnashmoqda, ammo ular bir vaqtning o‘zida bir xonada o‘tiradimi - hali aniq emas. Format yangicha bo‘lgani bilan, lekin ziddiyatlar o‘z kuchida qolmoqda.
Tahlika katta, lekin bir narsa chiqishidan umid kam.
Tramp Ukraina masalasida o‘z va’dasining ustidan chiqish uchun tinchlik muzokaralarini tezlashtirishga urinmoqda. Uning fikricha, hozirgi vaziyatda ikki tomonning kelishuvga erisha olmasligi "ahmoqlik"dan boshqa narsa emas.
Uning elchilari olib borayotgan faol diplomatik sa’y-harakatlarga qaramay, birinchi uch tomonlama muzokaralarga muhim masalalar hal etilmagan holda o‘tirilmoqda.
Tinchlik hammadan ham ko‘proq Ukrainaga kerak, shu va yana bir boshqa sabab - AQShni yonida ushlab turish uchun ham muzokaralarga qo‘shilmoqda. O‘tgan yili Donald Tramp vaqtinchalik razvedka ma’lumotlari va harbiy yordamni to‘xtatib qo‘ygani, Kiev uchun yaxshigina dars bo‘lgan edi.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Prezident Vladimir Zelenskiy Davosda Tramp bilan bo‘lgan muloqotni "juda ijobiy" deb atadi va buning natijasida Rossiyaning tinmas hujumlariga qarshi yangi havo mudofaasi yordami olishga umid qilmoqda.
Odatda AQSh yetakchisi bilan uchrashuvlardan keyin jiddiy tarzda ko‘rinadigan Zelenskiy bu safar g‘ayrioddiy darajada ruhlangan ko‘rindi.
Biroq, u Birlashgan Arab Amirliklarida bo‘lib o‘tadigan muzokaralar natijasiga ehtiyotkorlik bilan yondashmoqda. Ikki kun davom etishi mumkin bo‘lgan ushbu uchrashuvlarni u shunchaki «qadam» deb atadi, ammo uni ijobiy qadam deb baholashdan tiyildi.
"Ushbu uchrashuv bizni tinchlikka biroz bo‘lsa-da yaqinlashtiradi, deb umid qilamiz", dedi u.
Zelenskiy anchadan beri tinchlik shartnomasi loyihasi 90 foizga tayyorligini ta’kidlab keladi. Biroq qolgan 10 foizi eng murakkab va hal qiluvchi qismdir. Rossiya esa hamon taklif qilinayotgan barcha variantlarni rad etish ehtimoli bor.
Uning so‘zlariga ko‘ra: "Asosiy muammo - mamlakatimizning sharqiy hududlari. Bu hududiy yaxlitlik masalasidir. Aynan shu nuqta eng katta to‘siq va yechimi topilmagan asosiy masala bo‘lib qolmoqda".
Rossiya urush maydonida qo‘lga kirita olmagan hudud - Donbassning katta qismi Ukraina tomonidan topshirilishini talab qilmoqda. Ukraina esa bunga rozi emas.
Siyosatchilar ko‘pincha "qizil chiziqlar" haqida gapirishi mumkin, biroq Ukraina uchun Donbassdagi chiziq — o‘sha yerda hayotini fido qilgan askarlar qoni bilan chizilgan chiziqdir. Zelenskiy bu chiziqdan o‘ta olmaydi.
Abu-Dabida muhokama qilinadigan yana bir katta masala - AQSh Rossiya yana bir kun Ukrainaga hujum qilsa, harbiy jihatdan nima qiladi? Ukraina buni "xavfsizlik kafolatlari" deb ataydi va bunday kafolatlar juda muhimligini ta’kidlaydi.
Zelenskiy AQSh-Ukraina kelishuvi tayyorligini aytsa-da, uning tafsilotlari hali ochiqlanmagan. Rossiyaning javobi ham noaniq.

Surat manbasi, Getty Images
Buning ustiga, Donald Tramp bergan kafolatlar qanchalik ishonchli ekani borasida katta shubha paydo bo‘lgan: AQSh prezidentining Grenlandiyani "sotib olish" borasidagi xohishi NATOga jiddiy putur yetkazdi.
U, shuningdek, G‘arbning Ukrainani qo‘llab-quvvatlashiga asos bo‘lgan bosh tamoyilni - davlat mustaqilligini himoya qilish printsipini ham zaiflashtirib qo‘ydi.
Shunday ekan, Ukraina keyingi xavfli vaziyatda Trampga suyana oladimi? Hozircha, Hozircha Kievda boshqa tanlovning o‘zi yo‘q.
Putinga ishonish borasida Kievda hech kimda xomxayol qolmagan. Zelenskiy Davosdagi chiqishida buni ochiq aytdi: "U aslida tinchlikni istamaydi."
Kreml muzokara stolidan istaganini ololmasa, "maqsadlarini jang maydonida amalga oshirishini" aytadi. Lekin shu paytgacha katta sonda askar yo‘qotishlariga qaramay hozirgacha bunga erisha olmadi.
Shu bois Rossiya hech qachon bo‘lmagan darajada rejali, uzluksiz va halokatli tarzda yana bir bor butun mamlakat bo‘ylab fuqarolik infratuzilmasini nishonga olmoqda.
Bu esa, millionlab odamlarni qattiq qish sharoitida ko‘chalarga soldi.
Bugun Kiev meri yana shahar aholisini imkoni bo‘lsa, vaqtincha ketishga chaqirdi: "Dushman, ehtimol, shahar va mamlakatning muhim infratuzilmasiga hujumlarni davom ettiradi", - dedi Vitaliy Klichko.
Ustma-ust hujumlar tufayli tizim juda zaiflashgan.
"Aholiga ochiq aytaman: vaziyat o‘ta og‘ir. Va bu hali eng og‘ir payt emasligini ham aytib o‘tishga to‘g‘ri keladi."



























