Qirg‘izistonda prezident do‘stining davlat xavfsizligi rahbari lavozimidan chetlatilishi siyosiy vaziyatni qanday o‘zgartirdi?

Surat manbasi, Kyrgyz Presidency/BBC
- Author, Ayday Amankulova
- Role, VVS Qirg‘iz xizmati
- O'qilish vaqti: 7 daq
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning eng yaqin maslakdoshi Qamchibek Tashiev bilan tuzgan siyosiy tandemi Japarov hokimiyatga kelganidan besh yil o‘tib parchalandi. Tashiev Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) rahbari lavozimidan bo‘shatilganidan so‘ng darhol kadrlar tozalanishi va amaldorlar, jumladan, maxsus xizmat organlari xodimlarining hibsga olinishi boshlandi.
Qirg‘izistondagi ikkinchi eng nufuzli shaxs bo‘lgan Tashievning iste’fosi hokimiyat uchun kurash va prezidentlik boshqaruvini mustahkamlash yo‘lidagi mantiqiy qadammidi yoki bu Japarovga qarshi fitnaning oldini olish harakatimi?
Hodisalar rivoji
10 fevral, seshanba kuni sodir bo‘lgan voqealar Qirg‘izistonning zamonaviy tarixida iz qoldirishi ayon. Mamlakat prezidenti Sadir Japarov o‘zining yaqin do‘sti va safdoshi Qamchibek Tashievni davlat lavozimlaridan — Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi va Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari lavozimlaridan ozod etdi.
Prezident ma’muriyatining matbuot xizmati janob Japarov bu qarorni jamiyatda, jumladan, davlat tuzilmalari ichida "bo‘linishning oldini olish" maqsadida qabul qilganini tushuntirdi.
Tashiev esa bu vaqtda chet elda edi. Yaqinlarining aytishlaricha, u Germaniyada davolanayotgan bo‘lgan. Janob Tashievning 'Facebook'da e’lon qilingan murojaatida prezidentning uni ishdan bo‘shatish haqidagi qarori u uchun kutilmagan bo‘lganini ta’kidladi. Tashievning murojaatini e’lon qilgan tarafdori keyinchalik ommaviy tartibsizliklar ishi bo‘yicha ayblanuvchiga aylandi va ikki oyga hibsga olindi.
"Har qanday holatda ham biz prezident qarorini bajarishga majburmiz. Men mamlakatimizga, xalqimizga va prezidentimizga sharaf bilan xizmat qilganimdan faxrlanaman! Faqat shaxsiy tarkib bilan xayrlashish imkoni berilmaganidan afsusdaman!" — deb aytgan janob Tashiev o‘z murojaatida.
Hech kimga “ketgin” deganim yo‘q. Ammo aybdorlar jazolanishi kerak."
Uch kundan so‘ng, 13 fevralda Qamchibek Tashiev Qirg‘izistonga qaytib keldi. Uni kutib olishga borgan jurnalistlar bilan gaplashmadi. Shu kuni prezident Sadir Japarov iste’fo bo‘yicha "Kabar" davlat axborot agentligiga intervyu berib, qaror qilishdan avval do‘stiga qo‘ng‘iroq qilganini bildirdi.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Tashiev atrofidagi oqsoqollar uning o‘zini va yuqori martabali amaldorlarni chalg‘itib, ularni "general tomoniga" (Tashiev 2024 yilda Japarovning farmoni bilan general-polkovnik unvonini olgan edi) o‘tishga undashgan.
"Agar men uni ishdan bo‘shatmaganimda, [...] bu chaqiriqlar davlat tuzilmasi va jamiyatda bo‘linishni keltirib chiqargan, hatto nizolarga olib kelgan bo‘lardi. Shuning uchun ham men do‘stimni ishdan bo‘shatishga majbur bo‘ldim. Davlatdagi barqarorlik men uchun hamma narsadan ustun", — deb ta’kidladi davlat rahbari.
Sadir Japarov tilga olgan "oqsoqollar", boshqacha aytganda, prezidentlik saylovini tezroq o‘tkazishni taklif qilib, davlat rahbari va parlament spikeriga murojaat qilgan 75 kishining ayrimlari so‘roqqa chaqirildi, ulardan besh nafari— sobiq yuqori martabali amaldorlar — ommaviy tartibsizliklar tashkil etish ayblovi bilan hibsga olindi.

Surat manbasi, Facebook
Hujjatni imzolaganlar orasida sobiq bosh vazirlar, sobiq parlament deputatlari va jamoat arboblari bor.
Sobiq amaldorlar qo‘lga olingan kuni Bosh vazir o‘rinbosari Edil Baysalov 'Facebook'da post qoldirdi. Uning mazmuni navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari haqidagi murojaat Japarov va Tashiev o‘rtasidagi do‘stlikning uzilishiga sabab bo‘lganini tasdiqlaydi.
Imzo qo‘yganlarning pozitsiyasi, shuningdek, ularning tashabbusi hokimiyatning eng yuqori pog‘onasidagi siyosiy bo‘linishga sabab bo‘lgan-bo‘lmagani noma’lumligicha qolmoqda. Murojaat mualliflari va ishtirokchilarining yaqinlari qo‘lga olinganlar ommaviy tartibsizliklar uyushtirish niyatida bo‘lmaganini da’vo qilmoqdalar.
Bundan tashqari, 75 kishining murojaati ortida kim yoki nima turganini janob Tashievning o‘zidan so‘rash imkonsiz edi. U mamlakatni xuddi ishdan bo‘shatilganidan keyin chet eldan qaytib kelganidek tez va jimgina tark etdi.
Ma’lum bo‘lishicha, u ketishidan oldin prezident Japarovning qabulida bo‘lgan. Uchrashuvdan so‘ng prezident do‘sti endi davlat lavozimini egallamasligini e’lon qildi.
"Mayli, u dam olsin, sog‘lig‘iga qarasin. Atrofidagi "oqsoqollar"dan qutulsin, tartibga keltirsin. Tergov xizmati hammasini aniqlab, tozalab beradi. Albatta, hozir u rahmat aytmaydi. Xafa bo‘ladi. Lekin yillar o‘tgandan keyin, "Do‘stim, o‘shanda to‘g‘ri qilgan ekansan", deb rahmat aytadi", — dedi Qirg‘iziston prezidenti.
Siyosatchi Bektur Asanov Tashievning siyosiy maydonni ko‘ngilli ravishda tark etganiga shubha qiladi. U so‘nggi voqealarni hokimiyat uchun kurashning klassik usuli sifatida ta’riflaydi.
"[Prezidentlik] saylovlari yaqinlashmoqda, bu tabiiy jarayon. Prezidentlikka o‘z nomzodini qo‘ymoqchi bo‘lgan siyosatchilar guruhi o‘z urinishlarini boshlaydi. Biroq, [ishdan bo‘shatilgan va hibsga olinganlarning] mavqei yuqoriligini hisobga olsak, bu jamiyatda juda katta aks-sado berdi", — deb ta’kidladi Asanov VVSga bergan intervyusida.
Sobiq bosh prokuror Azimbek Beknazarov 75 kishining murojaati Japarov uchun shunchaki navbatdan tashqari saylovlar o‘tkazishga urinishdan ko‘ra muhimroq ahamiyatga ega bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi.
Beknazarov prezident Japarovning sobiq hamkasbi Sooronbay Jeenbekov iste’foga chiqqan 2020 yil oktyabrь voqealari bilan, bugungi voqealarni qiyosladi.
"[Jeenbekovga]: "Shunchaki farmonni imzolang, biz muddatidan oldin [prezidentlik] saylovlarini o‘tkazamiz", deyishgandi. Agar bugungi hibsga olishlar, islohotlar va 75 kishining murojaatini diqqat bilan tahlil qilsak, shunday xulosaga kelish mumkin: Sadir Nurgojoevich (Japarov) prezident sifatida kerakli vaqtda to‘g‘ri qaror qabul qildi. [Tashiev bilan] do‘stligiga qaramay, u davlat va xalq birligini birinchi o‘ringa qo‘ydi", — dedi sobiq bosh prokuror.
Parlament spikerining iste’fosi

Surat manbasi, Press Service of the Kyrgyz Parlament
Japarov va Tashiev siyosiy tandemining parchalanishi Qirg‘iziston parlamenti — Jogorku Keneshga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Prezident do‘stining iste’fosidan ikki kun o‘tib, parlamentning rahbarlik lavozimlaridagi shaxslar ham almashdi.
Spiker Nurlanbek Turgunbek o‘g‘li "ikki kishiga yoki adohida bir shaxsga" xizmat qilmasligini va siyosiy odob-axloq qoidalariga amal qilayotganini ta’kidlab, iste’foga chiqdi.
"Menga hech kim bosim o‘tkazgani yo‘q. [...] Bizga barqarorlik kerak, prezidentimiz boshlagan siyosiy islohotlarni oxiriga yetkazishimiz zarur", — dedi Turgunbek o‘g‘li.
Spikerlik vakolatlarini topshirgach, u birozdan so‘ng deputatlik mandatidan ham voz kechdi. Jogorku Kenesh boshqaruvi 45 yoshli deputat Marlen Mamataliev qo‘liga o‘tdi. U mintaqaviy ayirmachilikka yo‘l qo‘ymasdan ishlashga va’da berdi. Bir hafta davomida parlamentda vitse-spiker, deputatlik qo‘mitalari va guruhlarining rahbarlari almashdi.
Parlamentdagi yangi siymolar

Surat manbasi, Press Service of the Kyrgyz Parlament
Kadrlar o‘zgarishi manzarasida 2020-2022 yillarda parlament spikeri bo‘lgan Talant Mamitov Jogorku Keneshga qaytdi. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, u Tashiev bilan kelishmovchiliklar tufayli 2022 yilning noyabrida spikerlik lavozimidan iste’fo bergan va deputatlik mandatini topshirgan edi.
Mamitov parlamentda qasamyod qilar ekan, deputatlar prezidentlik saylovlari sanasi bo‘yicha munozaralarga aralashib qolgani va spiker parlament a’zolarini siyosiy boshi berk ko‘chaga kiritib qo‘yganiga sha’ma qildi.
Shuni ta’kidlash joizki, parlamentda prezidentga qarshi kayfiyat fevralning boshidayoq — haydovchilik guvohnomalarini berish islohoti muhokama qilinayotgan vaqtda yaqqol sezilgan edi. O‘shanda deputat Qunduzbek Sulaymonov va spiker Nurlanbek Turg‘unbek o‘g‘li minbardan turib davlat rahbarini tanqid qilishgandi.
Japarov hokimiyatga kelganidan beri jamoatchilik bunday ochiq tanqidni kuzatmagan edi. Biroq Tashiev ishdan bo‘shatilganidan so‘ng deputit Sulaymonovning ohangi o‘zgardi va u haydovchilik guvohnomalarini berish bilan shug‘ullanuvchi "Unaa" korxonasidagi islohotlar uchun prezidentga minnatdorchilik bildirdi. Sulaymonov parlamentdagi kadrlar almashinuvi vaqtida o‘z mandatini saqlab qoldi, ammo "Mekenchil" deputatlik guruhi rahbarligidan ketdi.
"Mekenchi" siyosiy partiyasi Sadir Japarov va Qamchibek Tashiev tomonidan ancha oldin, 2010 yilda, janob Japarov prezident bo‘lishidan ko‘p vaqt avval tuzilgan edi. Hozirda "Mekenchil" deputatlik fraktsiyasi eng ko‘p sonli xalq vakillarini o‘z ichiga oladi — 22 nafar deputat, boshqa guruhlarda esa a’zolar soni 18 kishidan oshmaydi.
O‘sh meri va uch vazir ham almashtirildi

Surat manbasi, Press Service of the Kyrgyz Parlament
Japarov-Tashiev tandemining parchalanishi Qirg‘izistonning kattaligi bo‘yicha ikkinchi shahri — O‘sh rahbariyatiga ham bevosita ta’sir qildi. Fevralning o‘rtalarida shahar meri almashdi: Jenishbek Toktorbaev o‘rniga parlament deputati Janar Akaev tayinlandi. Siyosiy doiralarda Toktorbaev Tashievning tarafdori, deya ko‘rilardi. U yaqinda bergan intervyularidan birida Tashievning do‘sti ekanini alohida ta’kidlagan edi.
Bundan tashqari, mamlakatda uch vazir iste’foga chiqdi — Transport vazirligi, Ekologiya vazirligi va Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbariyati almashdi. Ushbu uch siyosatchi ham Tashievga yaqin shaxslar bo‘lgan.
Shu bilan birga, rossiyalik siyosatshunos Arkadiy Dubnov Tashievga yaqin kadrlarning "tozalanishi" "avtoritar tarzda" amalga oshirilayotganini yozdi.
"Biroq, hozirgi sharoitda, demokratik institutlar to‘liq ishlamagan paytda, hukumat ichidagi o‘zgarishlar mintaqada qaytadan qon to‘kilishining oldini olish imkonini bermoqda. Boshqa tomondan esa, shu yo‘l bilan mustahkamlangan hokimiyat davlatni ochiqcha markazlashgan, cheklovsiz boshqaruv yo‘liga burib ketishi ehtimoli ham bor", — deb yozdi siyosatshunos 'Facebook'dagi sahifasida.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Qirg‘iziston siyosatidagi kadrlar almashinuvi Ostona va Toshkentda "aniq xavotir" uyg‘otgan. Ushbu voqealardan so‘ng darhol Qozog‘iston va O‘zbekiston prezidentlari Japarov bilan telefon orqali muloqot o‘tkazganlar. Qirg‘iziston prezidenti o‘z navbatida kadrlar o‘zgarishiga izoh berar ekan, hech kimni ket demaganini, ammo aybdorlar jazolanishini aytgan.
Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasidagi tozalash

Surat manbasi, Social Media
Qirg‘iziston hukumati janob Tashievni Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) rahbarligidan bo‘shatish bilangina cheklanib qolmadi. Uning o‘rniga nisbatan kamtar, ammo tajribali xavfsizlik xodimi Jumg‘albek Shabdanbekov tayinlandi.
MXDQning butun rahbariyati almashdi, Tashievning barcha o‘rinbosarlari ishdan bo‘shatildi. Bundan tashqari, prezident Sadir Japarov tuzilmani qayta tashkil etib, Chegara xizmati va Xavfsizlik xizmatini MXDQ nazoratidan chiqardi.
Ishdan bo‘shatishlar nafaqat markaziy apparatda, balki maxsus xizmatlarning hududiy rahbarlari orasida ham bo‘lib o‘tdi. Iste’folardan so‘ng hibslar va jinoyat ishlari boshlandi.
MXDQning Bishkek bo‘yicha bosh boshqarmasi boshlig‘i Eldar Jaqipbekov "idora xodimlari va fuqarolardan iborat, shaxsiy boylik orttirish bilan shug‘ullanuvchi barqaror korruptsion guruh tuzganlik" aybi bilan hibsga olindi. Shuningdek, MXDQ Chuy viloyati boshqarmasi tergov bo‘limi boshlig‘i Berdibek Boronbaev va MXDQ Chuy viloyati bo‘yicha 6-boshqarmasi boshlig‘i Tilek Abdiqalikov ham qo‘lga olindi. (Chuy viloyati — Qirg‘izistonning eng zich joylashgan hududlaridan biri, aholisi 950 ming kishidan oshadi. Bu yerda mamlakat poytaxti Bishkek shahri joylashgan — VVS izohi).

Surat manbasi, Kyrgyzstan president's press service
Shu bilan birga, prezident Japarov Konstitutsiyaviy sudga (KS) prezidentlik muddatlariga oid qoidalarni tushuntirib berish iltimosi bilan murojaat qildi. Konstitutsiyaviy sudning 17 fevraldagi xulosasiga ko‘ra, Japarovning hozirgi muddati birinchi muddat hisoblanadi va u yana bir besh yillik muddatga qayta saylanishi mumkin.
Navbatdagi prezidentlik saylovlari kelasi yilning 24 yanvariga belgilangan. Saylovlar haqida gapirganda, siyosatshunoslar agar Tashiev o‘z nomzodini qo‘ymasa, hozirgi sharoitda Japarovga qarshi jiddiy raqobatchi qolmasligini ta’kidlamoqdalar.
Sadir Japarov keyingi muddatda Tashiev prezident bo‘lishi haqidagi kelishuv borligi haqidagi mish-mishlarga izoh berib, bu demokratik tamoyillarga va siyosiy madaniyatga to‘g‘ri kelmasligini, kim eng ko‘p ovoz to‘plasa, o‘sha saylanishini bildirdi.



























