Eron va AQSh-Isroil mojarosi Markaziy Osiyo uchun qanday sinov bo‘lyapti?

Surat manbasi, EPA
- Author, Davron Hotam
- Role, BBC News Uzbek muxbiri, O'sh, Qirg'iziston
- O'qilish vaqti: 5 daq
Yaqin Sharq va Eron atrofida tobora keskinlashib borayotgan geosiyosiy inqiroz Markaziy Osiyo davlatlari uchun nafaqat tahdid, balki mintaqaviy birdamlikning jiddiy sinoviga aylandi.
O‘zbekistonning sobiq tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov o‘z Facebook sahifasida yozishicha, Eron atrofidagi vaziyat Markaziy Osiyo va Ozarbayjon uchun mutlaqo yangi diplomatik voqelikni boshlab berdi.
Uning fikricha, mintaqa davlatlari ilk bor tashqi inqirozga nisbatan "har kim o‘z boshicha" emas, balki yagona jamoa bo‘lib munosabat bildirmoqda.

Surat manbasi, Facebook/Vladimir Norov
«Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon tomonidan hozirgacha kuzatilmagan darajada muvofiqlashtirilgan diplomatik reaktsiya guvohi bo‘lmoqdamiz. Bu mintaqaviy birdamlikning sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganidan dalolat beradi», - deb yozadi Norov.
Sobiq vazirning tushuntirishicha, bu «yagona jamoa» bo‘lib harakat qilish tamoyili S5+1 (Ozarbayjon bilan S6) formati doirasida bir nechta muhim yo‘nalishlarda namoyon bo‘lmoqda:
Birinchidan, inqiroz paytida alohida milliy pozitsiyalar bilan cheklanib qolmay, yagona diplomatik til shakllandi. Bu degani, mintaqa davlatlari Eron atrofidagi voqealarni baholashda va tashqi dunyoga bayonot berishda umumiy manfaatlardan kelib chiqib harakat qilmoqdalar.
Ikkinchidan, bu birdamlik nafaqat siyosiy, balki amaliy gumanitar hamkorlikni ham o‘z ichiga oladi. Norovning qayd etishicha, oldingi inqirozlardan farqli o‘laroq, bu safar davlatlar:
Evakuatsiya qilinayotgan fuqarolar uchun logistika va vaqtinchalik joylashtirish maskanlarini birgalikda tashkil etishdi;
Konsullik masalalarida va tibbiy yordam ko‘rsatishda kuchlarni birlashtirishdi.
Uchinchidan, mintaqa Eron atrofidagi mojaroga faqat masofaviy kuzatuvchi emas, balki Kaspiy xavfsizligining ajralmas qismi sifatida qaramoqda. Norovning fikricha, S6 davlatlari havo makoni xavfsizligi va Transkaspiy savdo yo‘laklarining barqarorligini ta’minlashni o‘zlarining umumiy strategik vazifasi deb belgilab olishdi.
Bunday muvofiqlashtirilgan yondashuv Markaziy Osiyoning yirik davlatlar o‘rtasidagi raqobat maydoniga aylanib qolmaslik va o‘z «strategik mustaqilligini» himoya qilish istagini ifodalaydi, deydi u.
Ammo, sobiq tashqi ishlar vaziri Ozarbayjon-Eron va Markaziy Osiyo davlatlari-Eron munosabatlari o‘zaro farqli ekanini tilga olmagan. Ma’lumki, Eron Ozarbayjonning Isroil bilan yaqin munosabatlaridan norozi bo‘lib keladi – Stokgolm xalqaro tinchlik tadqiqotlari institutiga ko‘ra, 2016 va 2021 yillar o‘rtasida Ozarbayjonga qurol importining 69 foizi Isroildan kelgan. Shuningdek, dunyoviy tizimli Ozarbayjon Tehronning inqilobiy shia mafkurasini o‘z milliy xavfsizligiga tahdid deb ko‘rib keladi va oxirgi yillarda Eron tomonidan moliyalangani ishonilgan tarmoqlarni yo‘q qilishni faollashtirgan.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Diplomatik birdamlik ortidagi "nozik" xavflar
Biroq, Markaziy Osiyo davlatlarining tashqi siyosiy birdamligi mintaqa ichidagi barcha muammolarni hal qila olmasligi mumkin. Britaniyada joylashgan Central Asia Due Diligence tadqiqot markazi asoschisi Alisher Ilhomov BBC bilan suhbatda Eron atrofidagi voqealarning mintaqaga bevosita harbiy ta’siri kam bo‘lsa-da, uning bilvosita va mafkuraviy xavflarini inkor etib bo‘lmasligini aytadi.
«Ayrim kuzatuvlarga ko‘ra, Markaziy Osiyo xalqlarining bir qismi Eron rahbari Xomanaiyning o‘ldirilishini — uning shialigi, hamda minglab namoyishchilar o‘limi uchun javobgar avtoritar boshqaruvchi sifatida emas, balki musulmon kishining o‘ldirilishi deb qabul qilishi va buni musulmonlarga qarshi fitna sifatida talqin qilishlari mumkin. Bunday qarash mintaqadagi musulmonlar, ayniqsa tojiklar orasida G‘arbga, xususan AQShga qarshi kayfiyatni kuchaytirishi xavfi bor.

Surat manbasi, Facebook/Alisher Ilkhamov
Tojiklarning aksariyati sunniy bo‘lsa-da, etnomadaniy jihatdan Eron bilan chambarchas bog‘liq. Tojik tili forsiy til asosida shakllangan. Eronliklar bilan bo‘lgan milliy va madaniy yaqinlik tuyg‘usi diniy yaqinlikni ham mustahkamlab qo‘yishi mumkin.
G‘arbga qarshi kayfiyat kuchaysa, Rossiya hukumati bundan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanishga harakat qilishi mumkin. Ayniqsa, mintaqadagi tojiklarni va G‘arbga qarshi kayfiyatdagi musulmonlarni Rossiya qurolli kuchlari safiga qo‘shilishga undash holatlari kuzatilishi ehtimol. Chunki ular anti-g‘arb shiorlari ostida harakat qiladilar-ku.
Bundan tashqari, neft narxining keskin ko‘tarilishi Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiyotiga ta’sir qilishi mumkin. Qozog‘iston neftь eksport qiluvchi davlat sifatida vaziyatdan foydalanib, mahsulotining narxini oshirishi va eksportni, ayniqsa Xitoyga ko‘paytirishi mumkin. Shu bilan birga, neft narxining qimmatlashi dunyo iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi ehtimoli bor. Bu esa mintaqa davlatlarining — neft sektorini hisobga olmaganda — eksportga yo‘naltirilgan sohalari uchun noqulay sharoitlarni keltirib chiqarishi mumkin», — deydi ekspert.
Eron xaosning yangi maydoniga aylanishi xavfi
Tojikistonlik xalqaro jurnalist, mintaqaviy masalalar bo‘yicha ekspert Negmatullo Mirsaidov Yaqin Sharqda yuz berayotgan voqealar Markaziy Osiyo mintaqasi uchun ham xavotirli ekanini va mavhum jihatlarning ko‘p ekanini ta’kidlaydi.
«Eron va Tojikiston o‘rtasida juda yaxshi o‘zaro munosabatlar mavjud. Rasmiy Eron bilan hamkorligimiz izchil rivojlanib borayotgan edi. Shu sababli, albatta, so‘nggi voqealar iqtisodiy aloqalarimizga zarar yetkazadi. Markaziy Osiyoda faqat biz emas, Qozog‘istonning ham yaqinda Eron bilan yuqori darajadagi uchrashuvlari bo‘lib o‘tgan va bir qator rasmiy kelishuvlarga erishilgan edi. Eron Islom Respublikasi bilan mintaqadagi barcha davlatlar hamkorlik qiladi. Endi ular amalga oshadimi — bu savol ochiq qolmoqda. Masalan, Eron orqali Fors ko‘rfazi portlariga chiquvchi temir yo‘l qurilishi loyihasi taqdiri nima bo‘ladi...
AQSh Iroqqa bostirib kirganida, keyinroq vaziyat qanday tus olganini ko‘rdik. "Islom davlati" paydo bo‘lib, ko‘p yillar davomida xalqni qo‘rquvda ushlab turdi.
AQSh va Isroilning Erondagi operatsiyasi qachon tugaydi, u qanday natijalarga olib keladi — biz buni bilmaymiz. Eronda rejim o‘zgaradimi, tomonlar o‘t ochishni to‘xtatishga kelishadimi, Eron AQSh shartlarini qabul qiladimi — noma’lum. Ammo xavf-xatarlar juda katta bo‘lib turibdi.
Bizni tashvishga solayotgan asosiy narsa — Eron xaosning (tartibsizlikning) yangi maydoniga aylanib qolmaydimi, degan savoldir. AQSh Iroqqa bostirib kirganda u yerda nimalar bo‘lganini, keyinroq vaziyat qanday tus olganini ko‘rdik. "Islom davlati" guruhi paydo bo‘lib, u ko‘p yillar davomida xalqni qo‘rquvda ushlab turdi, minglab qochoqlar o‘z mamlakatini tashlab qochdi. Eng dahshatlisi, bizning mintaqadan — Markaziy Osiyodan ko‘plab fuqarolarimiz ularning safiga qo‘shilib, jangari bo‘lib ketishdi. Bu juda katta xatar. Endi terrorning, pala-partishlikning yangi to‘lqini boshlanmaydimi, degan xavotir bor. Jamiyat yana radikallashib ketmaydimi...
Bizda, shukurki, Tojikistonda vaziyat hozir yaxshi. Biz qo‘shnilar bilan tinchlikda iqtisodiyotni rivojlantirishni istaymiz», - deydi eskpert BBC bilan suhbatda.
Yaqin Sharqdagi keskinlik qanday imkoniyatlarni ochadi?
Geosiyosiy keskinlik faqatgina xatarlardan iborat emas. Bishkekdagi Biznes assotsiatsiyalari alyansi raisi, iqtisodchi Iskender Sharsheev Yaqin Sharqdagi inqiroz Markaziy Osiyo uchun kutilmagan iqtisodiy imkoniyatlar eshigini ochishi mumkinligini aytadi.

Surat manbasi, Facebook/Iskander Sharsheyev
Sharsheevning fikricha, agar Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yopilsa yoki dengiz yo‘llari xavfli bo‘lib qolsa, tovar almashinuvi quruqlikka ko‘chadi:
«Furalar yoki temir yo‘l orqali multimodal tashuvlar kuchayadi. Bu esa mintaqamizga tranzit eksport va importdan katta mablag‘ kelishini anglatadi. Shuningdek, BAA yoki Ummondagi badavlat shaxslar va kapitalning mintaqamizga, xususan Qozog‘iston va O‘zbekistonga ko‘chib o‘tishi ehtimoli bor. Bu investitsiya degani, ammo ijara narxlarining oshishi oddiy aholi yelkasiga yuk bo‘ladi», — deydi iqtisodchi.
Shu bilan birga, ekspert "Xitoy faktori"ga alohida to‘xtaladi. Xitoy o‘z yoqilg‘i ehtiyojining 30-40 foizini Erondan olishini inobatga olsak, bu mamlakat iqtisodiyotidagi muammolar Markaziy Osiyoga ham zanjir reaktsiyasi kabi ta’sir qiladi:
«Bu Xitoyda tovarlarning qimmatlashiga olib keladi. Natijada biz Xitoydan reeksport uchun oladigan mahsulotlar narxi ko‘tariladi, bu esa iqtisodiyotimizga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Agar dunyoda inflyatsiya 2-3 foizga oshsa, bizda bu ko‘rsatkich 4-5 foizgacha yetishi mumkin».
Qochqinlar va xavfsizlik
Sharsheev iqtisodiy imkoniyatlar bilan birga, ijtimoiy xavfsizlik masalasiga ham e’tibor qaratadi. Uning ta’kidlashicha, mintaqaga faqatgina kapital emas, balki insonlar oqimi ham keladi:
«Mintaqaga qochoqlar oqimi boshlanadi, ular orasida badavlat biznesmenlar ham bo‘lishi mumkin. Biroq, harbiy tuzilmalarda faoliyat yuritgan shaxslarga nisbatan juda ehtiyotkor bo‘lish lozim, chunki ular terrorchilik xavfini keltirib chiqarishi mumkin. Xavfsizlik masalasi birinchi o‘ringa chiqishi shart.»
Xulosa qilib aytganda, ekspertlar Eron atrofidagi keskinlik Markaziy Osiyo uchun mintaqa xavfsizligi va iqtisodiyotiga ta’sir ko‘rsatadigan muhim omil ekanini ta’kidlamoqdalar. Dunyoda kuchlar o‘rtasidagi raqobat kuchayib, xalqaro qoidalarning ta’siri zaiflashib borayotgan bir paytda, har bir davlat o‘z ichki mustahkamligi va birdamligiga ko‘proq e’tibor qaratishga va tayanishga majbur, deydi tahlilchilar. Barqaror iqtisodiyot, ochiq va samarali boshqaruv tashqi bosimlarga dosh berishning asosiy shartlari sifatida qayd etilmoqda



























